Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, IIV Tezkor-qidiruv departamenti, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida transmilliy jinoyiy uyushma a’zolarining qo‘shni davlatlar orqali mamlakatga giyohvandlik vositalarini olib kirish rejasi fosh etilgan.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida o‘tkazilgan tadbirda 1989 yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs avtomashinada “Qirg‘izovul” mahallasi hududiga kelib, dalaga yashirilgan giyohvandlik vositalarini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Tekshiruvlar davomida ulardan jami 21,5 kilogramm gashish, opiy va metamfetamin ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, Namangan viloyatining Uychi tumanida ham narkojinoyiy guruhning yana bir a’zosi — muqaddam sudlangan 63 yoshli shaxs 5 kilogramm gashishni olayotgan vaqtida ushlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbirlar natijasida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yilib, ularning tarqalishining oldi olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, transmilliy jinoyiy tarmoqning boshqa a’zolarini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar olib borilmoqda.