Yil sayin katta nufuz kasb etib borayotgan mazkur tadbir bu gal ham turli davlatlar madaniyati, milliy qadriyatlari va taomlarini bir maydonga jamladi.

Festivalda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan 20 dan ortiq davlat elchixonalari, xalqaro tashkilotlar, milliy madaniy markazlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z davlatlarining milliy taomlari, xalq amaliy san’ati, musiqasi, raqslari va madaniy an’analarini namoyish etdi.

Festival mehmonlari turli xalqlarning milliy oshxonalari bilan tanishish, noyob taomlarni tatib ko‘rish va madaniy dasturlardan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘ldi. Maydondagi jonli muhit, milliy kuy-qo‘shiqlar va turfa xalqlarning rang-barang liboslari tadb irga o‘ziga xos bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullaev festival ochilishida so‘zga chiqib, bunday madaniy tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashini ta’kidladi.

— Mazkur festival yillar davomida turli millat, madaniyat va an’analarni bir maydonda birlashtirib, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va madaniy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullaev.

Shuningdek, u Yuz.uz saytiga bergan maxsus intervyusida bu kabi tadbirlar inson qalbida ezgulik va birdamlik tuyg‘ularini kuchaytirishini ta’kidladi.

— Bu kabi xayriya va madaniy tadbirlarda ishtirok etganimda albatta katta hayajon va g‘urur his qilaman, — dedi Olimjon Abdullaev. — Chunki bu yerda turli millat vakillari bir maydonda jam bo‘lib, do‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini namoyon etmoqda. Eng muhimi, bu tadbir orqali muhtoj bolalarga yordam ko‘rsatilyapti. Bunday muhit inson qalbiga nur bag‘ishlaydi.

Tadbirda O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi ham faol ishtirok etdi. Markaz tomonidan tashkil etilgan milliy pavilonda ozarbayjon milliy taomlari — palov, dolma, paxlava, shakarbura, g‘ogal va boshqa an’anaviy shirinliklar namoyish qilindi. Shuningdek, mehmonlarga xalq amaliy san’ati namunalari, suvenirlar va Ozarbayjonning boy madaniy merosini aks ettiruvchi materiallar taqdim etildi.

— Bunday xalqaro tadbirlar ozarbayjon madaniyatini keng targ‘ib qilish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi, — dedi O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi bosh maslahatchisi Yusif Mammadov.

Festival doirasida Qozog‘iston elchixonasi paviloni ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Milliy taomlar, shirinliklar va xalqona bezaklar bilan bezatilgan pavilionda qo‘shni xalqning milliy qadriyatlari namoyish etildi.

— Biz bugun beshbarmoq, qovurdoq, manti, somsa, chak-chak va milliy shirinliklarimizni mehmonlarga taqdim etdik, — dedi Qozog‘iston elchixonasi diplomati rafiqasi Elmira Kiyikova. — Bu tadbir nafaqat madaniyatlarni yaqinlashtiradi, balki xayriya maqsadlariga ham xizmat qiladi. Bu yerda yig‘ilgan mablag‘lar yordamga muhtoj bolalarga yo‘naltiriladi.

Tadbirda milliy taomlarga baho berish uchun O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi vakillari ham ishtirok etdi. Hakmlar milliy taomlarning tayyorlanish texnologiyasi, sanitariya talablari va milliylik xususiyatlariga alohida e’tibor qaratdi.

— Bugungi festival xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi O‘zbekiston oshpazlar uyushmasining bosh texnologi Tolibjon Umaraliev. — Bu yerda nafaqat milliy taomlar, balki xalqlarning urf-odatlari va madaniy merosi ham namoyish etilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi bugungi kunda o‘zbek milliy taomlarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish ustida ish olib bormoqda.

— Bizning palovimiz 2016 yilda UNESCOning Nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan, — dedi Tolibjon Umaraliev. — Bu nafaqat taom, balki xalqimizning urf-odati, qadriyati va mehmondo‘stligini aks ettiradi.

Ko‘rgazmada Buxorodan tashrif buyurgan hunarmandlar ham ishtirok etdi. Ular milliy naqqoshlik va lakli miniatyura san’ati namunalari ni namoyish qildi.

— Bu ko‘rgazmada to‘rtinchi yil qatnashayapmiz. Har yili tadbir juda chiroyli va yuqori saviyada o‘tadi, — deydi Buxorolik hunarmand Muhammadali Hamroev. — Shuning uchun bu yerga yana kelishga intilamiz.

Uning ta’kidlashicha, u qariyb 25 yildan buyon naqqoshlik va miniatyura san’ati bilan shug‘ullanib keladi.

— Bu hunar bizda avloddan-avlodga o‘tgan, — deydi naqqoshlik va miniatyura san’ati ustasi Muhammadali Hamroev. — Otam ham hunarmand bo‘lganlar. Hozir farzandlarim va shogirdlarim ham shu san’atni davom ettiryapti.

Festival doirasida milliy qo‘shiq va raqslar, madaniy chiqishlar ham tashkil etildi. Turli davlatlar vakillari sahna orqali o‘z xalqining madaniyati va an’analarini namoyon etdilar.

Tadbirning yana bir muhim jihati — uning xayriya maqsadida tashkil etilganidir. Milliy taomlar savdosidan tushgan mablag‘lar onkologik kasallikka chalingan va nogironligi bo‘lgan bolalarga yo‘naltiriladi.

Shu o‘rinda aytish mumkinki,  XXII “Madaniy an’analar va milliy taomlar” xalqaro xayriya festivali nafaqat turli xalqlar madaniyatini yaqinlashtirgan, balki do‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan yirik xalqaro maydonga aylandi. Bu kabi tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash va ezgulik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zulxumor Akbarova