Qayd etilishicha, DXX Call-markaziga kelib tushgan murojaat asosida Xizmatning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tezkor tadbir davomida Yunusobod tumani Soliq inspeksiyasining ikki nafar inspektori o‘zaro til biriktirgan holda tadbirkorga yordam berish bahonasida pul talab qilgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ular xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorga “Chilonzor buyum bozori kompleksi” AJdan 3 ta savdo do‘konini ijaraga olishda ko‘maklashishni va’da qilgan. Shuningdek, tanishlari orqali tadbirkorga tegishli MChJning ochiq savdo tenderida g‘olib bo‘lishini ta’minlash va ijara shartnomalarini rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilishgan.
Tezkor tadbir vaqtida soliq inspektorlari so‘ralgan mablag‘ni olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat isi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni shunga o‘xshash qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi.