Ma’lum qilinishicha, 15 iyul kuni tongda 64-maktabning 9-sinfini bitirgan ikki nafar o‘quvchi davlat raqami yechilgan holatdagi transport vositasini boshqarib chiqqan. Tajribasizlik oqibatida avtomobil yo‘lovchi tashish avtobusining orqa qismiga kelib urilgan.

Qayd etilishicha, hodisa vaqtida avtobus ichida yo‘lovchilar bo‘lmagan. Yo‘l-transport hodisasi natijasida hech kim tan jarohati olmagan.

Holat yuzasidan transport vositasini hujjatsiz boshqarishga yo‘l qo‘ygan o‘quvchining otasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ayni vaqtda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.