O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston ichki ishlar vazirliklari hamda MDH hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi delegatsiyalari ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mintaqada narkojinoyatchilikka qarshi kurashish, giyohvand moddalarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish va transmilliy jinoyiy tarmoqlar faoliyatini bartaraf etishga qaratilgan tashabbuslarni yuqori baholadilar.

Yig‘ilishda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda axborot almashinuvi mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, giyohvand moddalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq yangi tahdidlarning oldini olish, internet orqali narkotiklar tarqatilishiga qarshi muvofiqlashtirilgan kurashni kuchaytirish hamda sohada ilg‘or tajribalarni joriy etish yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir yakunida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida yig‘ilish bayonnomasi imzolandi.

Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tib, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.