FVV maʼlumotiga ko‘ra, hodisa 25 iyun kuni soat 17:33 larda Yunusobod tumanidagi «Obiravon» ko‘chasida joylashgan xususiy uylardan birida sodir bo‘lgan. 2021 yilda tug‘ilgan qizaloq kattalar nazoratisiz qolishi oqibatida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan.

Xabar kelib tushgach, voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan FVV qutqaruvchilari qutqaruv ishlarini boshlagan. Qutqaruvchilardan biri chuqurga tushib, qizaloqni olib chiqqan.

Bolaga voqea joyida shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng u yaqinlariga topshirilgan. Maʼlum qilinishicha, hozirda qizaloqning ahvoli yaxshi.

FVV fuqarolarni, ayniqsa yosh bolalarni nazoratsiz qoldirmaslikka hamda hovlilardagi xavfli inshootlar atrofida xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.