Joriy yilgi festival avvalgilardan mahallalardan boshlanganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Viloyatdagi 754 ta mahallaning barchasi festival ishtirokchisiga aylanib, har bir xonadon, ko‘cha va mahalla gullarga burkandi.
Shuningdek, mahallalar o‘rtasida “Eng gulzor, eng obod mahalla” ko‘rik-tanlovi tashkil etilgan. Festival yakunida hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra g‘oliblar munosib taqdirlanadi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili festivalga tayyorgarlik doirasida Namanganda 100 million tup gul ko‘chati ekilgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 150 million tupga yetkazildi. Natijada Namangan “Jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p ekilgan gullar” yo‘nalishida Guinness rekordini o‘rnatib, Ginnessning “Rekordlar kitobi”dan joy oldi.
24 may kuni bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimi katta bayramga aylandi. “Namangan xalqaro aeroporti” oldidan start olgan gullar bilan bezatilgan avtomobillar paradi shahar markaziy ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga yetib keldi.
Rasmiy ochilish marosimida xorijiy davlatlar diplomatik korpusi vakillari, investorlar, madaniyat va san’at namoyandalari, sayyohlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, bu yil festival doirasida 150 dan ortiq xalqaro, respublika va mahalliy miqyosdagi madaniy-ma’rifiy, ommaviy-sport va sayyohlik tadbirlari o‘tkaziladi.
Mehmonlar Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, “Afsonalar vodiysi” tematik parki hamda 60 gektar maydonni egallagan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida yaratilgan gul kompozitsiyalarini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, tumanlarda ham turli sayllar tashkil etilmoqda. Xususan, Chustda “Osh tanlovi”, Popda “Lavanda sayli”, Mingbuloqda esa ilk bor “Patir festivali” o‘tkaziladi.
Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, bu yil festivalga 1 milliondan ziyod xorijiy va 8 millionga yaqin mahalliy sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda.
Festival 12 iyulgacha davom etadi.