“Societe des Produits Nestle S.A.” (Shveysariya) kompaniyasi 2018-yilda “48 kopeyek” tovar belgisiga muhofaza hujjati olgan “A.B.”MCHJga (Oʻzbekiston) berilgan tegishli guvohnomani haqiqiy emas, deb topish haqida ariza bilan murojaat qiladi.
Adliya vazirligi huzuridagi Apellyatsiya kengashiga taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish natijasida shu narsa aniqlandiki, Nestle kompaniyasi guruhi 1996-yil iyun oyida “Nestle Jukovskoye morojenoye” MCHJdan aksiyalar paketini harid qiladi. Shu vaqtning oʻzida kompaniya Rossiya hududida “48 kopeyek” tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazib, muhofaza hujjatini oladi. Bundan koʻrinib turganidek, Nestle kompaniyasi tovar belgisiga boʻlgan huquqni ancha oldin qoʻlga kiritgani maʼlum boʻladi. Demak, xalqaro normalar va milliy qonunchilik talablariga koʻra, tovar belgisini birinchi roʻyxatdan oʻtkazgan yuridik shaxs unga egalik qila oladi.
Apellyatsiya kengashining xolis va qonuniy qaroriga binoan adolat qaror topdi va tovar belgisiga boʻlgan huquq haqiqiy egasiga qaytarildi. Endilikda, isteʼmolchi turli tadbirkor tomonidan ishlab chiqarilgan bir xil nomdagi mahsulotni koʻrib adashmaydi, tadbirkorlar esa oʻz manfaatlari, kompaniya imiji uchun kurashib sarson boʻlmaydi.
Alohida taʼkidlash lozimki, “Nestle Uzbekistan” MCHJ 2000-yildan bugungi kunga qadar 60 million AQSH dollariga yaqin investitsiya kiritgan va bu koʻrsatkich yana-da oshishi rejalashtirilmoqda. Albatta, yurtimizda qonunlarni barcha uchun birday amal qilishi jamiyat ravnaqi, chet el vakillari ishonchining yana-da ortishiga xizmat qiladi.