Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va ragʻbatlantirish maqsadida sohaga oid qator tartibotlar tanqidiy qayta koʻrib chiqilib, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik toʻsiq va gʻovlar bekor qilindi. Natijada respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib, tadbirkorlik subyektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan tashqi iqtisodiy faoliyat yoʻnalishida, yaʼni bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish sohasida qabul qilingan hujjatlar talablari asosida amaldagi Bojxona kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti. Jumladan, tovar va transport vositlarini tegishli bojxona rejimlariga joylashtirish maqsadida talab etiladigan ruxsatnomalar berish tartibi bekor qilinib, bojxona rasmiylashtiruvi muddati uch kundan bir kunga qisqartirilyapti.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan tovarlarni eksport va import qilish jarayonidagi mavjud tartibotlar soddalashtiriladi, insofli tadbirkorlarni ragʻbatlantirish va oʻzini yaxshi tomondan koʻrsatgan kompaniyalar uchun yangi Vakolatli iqtisodiy operator institutidan foydalangan holda, soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng, fraksiya aʼzolari qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda maʼqulladilar.

Fraksiya yigʻilishida kun tartibiga kiritilgan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Qonun loyihasida kichik sanoat zonalari, xususiylashtirilishi mumkin boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan bogʻliq toʻldirishlar kiritish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, yerni xususiylashtirish boʻyicha arizalarni topshirish va koʻrib chiqish tartibini tubdan qayta koʻrib chiqishga qaratilgan yangi normalar kiritilishi nazarda tutilgan boʻlib, unda inson omili taʼsir qilmaydigan tarzda arizalarni topshirish va koʻrib chiqish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etilishi belgilangan.

Ushbu yoʻnalishda yer uchastkalarini berish (sotish) masalalarini koʻrib chiquvchi Komissiyaning faoliyati bekor qilinadi va Komissiyaning yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan yer uchastkasiga mulk huquqini beruvchi davlat orderiga almashtiriladi.

Muhokamalar davomida xalq vakillari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinib, qonun loyihasi maʼqullandi.

Yigʻilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.