Toʻy va marosimlarda “maromiylik” madaniyatini keng targʻib etish boʻyicha dastur ishlab chiqildi

    Oʻzbekistonda toʻy va maʼrakalarda ortiqcha isrofgarchilikka chek qoʻyish, meʼyoriylik va milliy qadriyatlarga muvofiq odob-axloq meʼyorlarini targʻib etish maqsadida yangi dastur ishlab chiqildi.

    Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

    Tadbirda tegishli tashkilotlar vakillari, maʼnaviy-maʼrifiy soha xodimlari, olimlar, ziyolilar hamda mahalla faollari ishtirok etdi.

    Davra suhbatida Maʼnaviyat markazi, mahallalar uyushmasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi hamda boshqa idoralar bilan hamkorlikda jamiyatda “maromiylik” kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan targʻibot dasturi ishlab chiqilgani maʼlum qilindi.

    Ushbu besh tashkilot tomonidan 90 kunlik chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasida fuqarolar orasida meʼyorni saqlash, isrofdan tiyilish, shukronalik va bagʻrikenglikni keng yoyish, toʻy va maʼrakalarni ixcham, kamxarj va milliy qadriyatlarga mos ravishda oʻtkazish boʻyicha siyosiy-maʼrifiy soatlar, seminarlar va ochiq muloqotlar tashkil etiladi.

    Shuningdek, “Kinokarvon” loyihasi orqali yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va isrofgarchilikka qarshi ruhda tarbiyalashga qaratilgan media-kampaniyalar amalga oshiriladi.

    Tadbirda qayd etilganidek, mazkur tashabbus jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni mustahkamlash, ortiqcha isrofning oldini olish va milliy qadriyatlarga asoslangan meʼyoriy hayot tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.