Aytish joizki, uyqusizlik organizmda immunitetning pasayishiga olib keladi. Natijada inson turli kasalliklarga chalinishga moyil bo'lib qoladi. Qolaversa, to'yib uxlamaslik oqibatida odamning ish faoliyati pasayishi, diqqatni jamlay olmaslik, xotiraning susayishi kuzatiladi. Shu bilan birga, kam uxlagan inson yurak-qon tomir kasalliklariga chalinishi, bosh og'rig'i, depressiya, stressga berilishi mumkin.

Bu haqda SSV matbuot xizmatiga ma'lumot bergan tibbiyot fanlari doktori Doniyor ALIMOV kam uylash uyqu buzilishidan ham yuzaga kelishi, bu esa biron bir kasallikning belgisi bo'lishi mumkinligini aytdi. Shu sabab eng avval shifokor bilan maslahatlashish zarur.

Bundan tashqari, jismoniy faollik, xususan, sport bilan muntazam shug'ullanish uyqusizlikdan xalos bo'lishda katta yordam beradi. Biroq bunday mashg'ulotlarni uxlash oldidan bajarmaslik maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida tarkibida kofein bo'lgan har qanday mahsulotni iste'mol qilish, uxlashdan avval esa qahva yoki achchiq choy ichish mutlaqo mumkin emas.

Buning o'rniga, yotishdan 5-10 daqiqa oldin tinchlantiruvchi mashqlar bajarish, sokin musiqa tinglash va iliq vanna qabul qilish uxlashga yordam beradi. Biroq shifokor ko'rsatmasi bo'lmasa, zinhor uxlatuvchi dorilarni qabul qilish kerak emas.

Sababi tajribada uyqusizlik dardiga duchor bo'lganlarning 70 foizga yaqini tibbiy preparatlar qabul qilmasdan me'yoriy uyqu holatini tiklay olgan. eng muhimi, bir vaqtda uyquga yotib, bir vaqtda uyg'onishga harakat qilish lozim.

 Go'daklar 18-19 soat; bolalar 11-12 soat; katta yoshli insonlar esa o'rtacha 7-8 soat uxlashi me'yor hisoblanadi, deya Doniyor Alimovning tavsiyalarini keltirmoqda Aniq. uz