Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qishloq xoʻjaligi sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda, Toyloq tumanida 2021-yili 560 gektar yer maydonida suv tejamkor uskunalar joriy etilishi rejalashtirilgan. Tumandagi “Dilshodjon Dilmurodjon Ishonch” fermer xoʻjaligi tomonidan 10 gektar bogʻ maydoniga tomchilatib sugʻorish texnalogiyasi oʻrnatish rejalashtirilgan boʻlib, hozirga qadar 2 gektar bogʻ maydonida zamonaviy innovatsion texnologiyalar oʻrnatildi. Shuningdek, “Ilgʻor agro texnalogiya”, “Siyob Shavkat Orzu”, “Net Produk” “Xudayberdiyev Ozod”, “Amirjon Anvarjon bogʻlari” singari oʻnlab fermer xoʻjaliklari tomonidan suv tejamkor uskunalarni oʻrnatish yuzasidan qurilish-taʼmirlash, rekonstruksiya ishlari nihoyasiga yetmoqda.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Toyloq tuman boʻlimi tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda suv tejamkor texnologiyalar joriy etilishi yuzasidan belgilangan loyihalarning oʻz vaqtida amaliyotga tadbiq etilishi qattiq nazoratga olingan.

Mavjud 63 ta fermer xoʻjaliklarining 12 ming 300 gektar yer maydonlarini sugʻorish uchun tuman irrigatsiya boʻlimiga qarashli 7 dona xoʻjaliklararo kanal mavjud boʻlib, ularning umumiy uzunligi 33 kilometrni tashkil etadi. Mazkur sugʻorish inshootlaridagi 95 dona gidrotexnik inshoatlar va 67 dona gidropostlar orqali suv resurslari bilan taʼminlanadi. Shuningdek, inspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan, suv isteʼmolchilari tomonidan suvdan foydalanish ahvoli doimiy ravishda tahlil qilib borilmoqda. Oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida 16 nafar fuqaro tomonidan suvdan maqsadli foydalanmasdan uni behuda oqizib qoʻyish holatlari aniqlandi. Ushbu fuqarolarga nisbatan suvdan foydalanish qoidalarini buzganligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddasiga asosan, huquqiy taʼsir chorasi koʻrildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, 2021-yilda Samarqand viloyatida 19 ming 329 gektar yer maydonida suv tejamkor uskunalar oʻrnatilishi rejalashtirilgan boʻlib, shuning 19 ming 146 gektari tomchilatib, 183 gektar yomgʻirlatib sugʻoriladi.

Hozirga qadar 797 ta fermer xoʻjaliklari va klaster korxonalari tomonidan suv tejamkor uskunalar joriy etish yuzasidan ish olib borilmoqda. Ushbu loyihalar hayotga toʻliq tadbiq etilgach, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda suv resurslari tejalishi bilan birga, moʻl hosil olish imkoniyati yaratiladi.

Ubaydillo Rasulov,

 “Oʻzagroinspeksiya”ning Toyloq tumani boʻlimi katta inspektori