Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasining yillik – taqvim rejasidagi joriy yilning ilk mamlakat chempionati bahslarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 300 nafarga yaqin yosh polvonlar gʻoliblik uchun kurash tushishmoqda.
Mazkur chempionat bahslarida dastlab, musobaqaning tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Marosimda Samarqand viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi masʼul xodimlari, Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Osiyo belbogʻli kurash konfederatsiyasi raisi Moʻminxoʻja Muratov, federatsiya bosh kotibi Abdixalil Malikov, belbogʻli kurash boʻyicha Samarqand viloyati ijrochi direktori Bahodir Berdiqulov, Toyloq olimpiya va paralimpiya zaxiralari kolleji direktori Oʻtkir Qurbonovlar ishtirok etib, yosh polvonlarni qutlashdi va ularga musobaqalarda omad tilashdi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu chempionatda oʻgʻil bolalar belbogʻli kurashning erkin va klassik yoʻnalishlarida 11 ta vazn toifasida, qizlar esa erkin yoʻnalishda 7 ta vazn toifasida gʻoliblik uchun kurash tushishmoqda.
Musobaqa 20-martga qadar davom etadi.