"Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNICЕFning qo‘shma hisobotida qayd etilishicha, bugungi kunda dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekmoqda", deya yozmoqda SSV matbuot xizmati. 

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, muammoning avj olishiga sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishlari, xususan, qurg‘oqchilik sababchi. Eng yomoni, buning oqibatida ifloslangan va tozalanmagan suv iste’moli tufayli insonlar organizmida xavfli mikroorganizmlar rivojlanishi kuzatilmoqda. 

Masalan, 2019 yilda jahon bo‘yicha 1,5 million nafarga yaqin odam diareya xastaligidan vafot etgan. Qolaversa, yiliga 3 millionga yaqin kishiga vabo tashxisi qo‘yilyapti. 

Xalqaro mutaxassislarning fikricha, ichimlik suvi manbalarini to‘g‘ri shakllantirish va taqsimlash kasalliklar xavfini ikki baravar kamaytirishga yordam beradi. Suvni iste’moldan avval filtrlash natijasida esa xastalik dinamikasi 50 foizga pasayishi mumkin.