Bu haqda “Xovar” sayti xabar berdi.
Emomali Rahmon Tursunzoda shahriga ishchi tashrifi davomida 21-sonli umumtaʼlim muassasasining ochilishida ishtirok etib, qurilish ishlari sifatini yuqori baholadi. Shuningdek, masʼullar va pedagoglarni taʼlim-tarbiya sifati va samaradorligini yanada oshirishga chaqirdi.
Davlat rahbari pedagoglar bilan suhbatda zamonaviy ilmlarni rivojlantirish, yangi texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish, tabiiy, aniq va matematik fanlar hamda xorijiy tillarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Tashrif doirasida Tursunzoda shahrida jami 60 ta obyekt qurilib, foydalanishga topshirilgan. Ular orasida 18 200 oʻquvchiga moʻljallangan 20 ta umumtaʼlim muassasasi, 950 nafar bolaga moʻljallangan 5 ta xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi, 4 ta sanoat korxonasi, 1 ta turizm obyekti, 5 ta xizmat koʻrsatish obyekti, 6 ta sport maydonchasi va boshqa inshootlar bor.
Shuningdek, umumiy sigʻimi 5 300 tonna boʻlgan 3 ta zamonaviy sovutkich majmuasi, 9 ta koʻp qavatli turar joy binosi, maʼmuriy va madaniy inshootlar ham foydalanishga topshirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 1 220 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan.
Masʼullar maʼlumotiga koʻra, hozirda Tursunzoda shahrida 132 ta umumtaʼlim muassasasi faoliyat yuritib, ularda 78 863 nafardan ziyod oʻquvchi taʼlim-tarbiya olmoqda.
Tojikiston davlat mustaqilligining 35-yilligiga munosib tayyorgarlik doirasida Tursunzoda shahrida 24 ta taʼlim muassasasini qurish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hozirga qadar ularning 19 tasi foydalanishga topshirilgan boʻlib, mazkur oʻquv binolari jami 8 185 oʻringa moʻljallangan.