Unda Afgʻoniston transport infratuzilmasi rivojlantirilishi, jumladan, “Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” Transafgʻon temir yoʻl magistralining qurilishi boʻyicha Oʻzbekistonning taklifi bu mamlakatning yangi hukumati tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani va hayotga tatbiq etilishi mumkinligi qayd etilgan.
“Ekspertlarning fikr bildirishlaricha, mazkur temir yoʻl magistrali strategik jihatdan muhim loyiha hisoblangani holda Markaziy va Janubiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq mamlakatlarini bir-biri bilan bogʻlaydi. Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlariga Hind okeanidagi Pokiston bandargohlariga chiqish imkoniyatini yaratib, Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini sezilarli darajada oshiradi”, — deb yozadi “BERNAMA”.
Bundan tashqari, agentlik mazkur yoʻl haqidagi dastlabki maʼlumotlarni ham keltiradi. Qayd etilishicha, yoʻlning uzunligi qariyb 600 kilometrni, loyihani amalga oshirish muddati salkam 5 yilni, zarur kredit mablagʻlarining hajmi esa 4,8 milliard dollarni tashkil etadi.
Axborot agentligining yozishicha, Afgʻoniston temir yoʻllarining uzunligi taqriban 100 kilometrni tashkil etgani holda Oʻzbekiston, Turkmaniston va Eronning chegara hududlari bilan tutash. Avtomobil yoʻllari tarmogʻi ham yanada kengaytirilishini hamda salmoqli hajmdagi sarmoyalar jalb etilishini taqozo etadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.