Transafgʻon transport yoʻlagi yaratilishi Belgiya ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

    OAV O‘zbеkiston haqida 3 Dekabr 2021 2762

    Niderlandiyaning “Diplomat Magazine” jurnali saytida transafgʻon transport yoʻlagini yaratish istiqbollariga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi.

    Material muallifi Oʻzbekiston tomonidan soʻnggi besh yil davomida qoʻshni davlatlar bilan konstruktiv va oʻzaro manfaatli aloqalar oʻrnatish boʻyicha olib borilayotgan yangi mintaqaviy siyosat doirasida Afgʻoniston bilan hamkorlikni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilanganini taʼkidlagan. Oʻzbekiston doimo qoʻshni davlatdagi vaziyatni tezroq barqarorlashtirish tarafdori boʻlib kelgan. Zero bunga erishish mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashning muhim sharti hisoblanadi, jumladan, Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi sarmoyalar jalb etish va tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratadi.

    Nashr Afgʻoniston hududida transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish sharqdan gʻarbga va shimoldan janubga eng qisqa masofalarda qitʼalararo transport yoʻlaklarini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratishini qayd etgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Termiz — Mozori Sharif – Kobul — Peshovar temir yoʻlining qurilishi Markaziy va Janubiy Osiyoning tranzit salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqaradi, yuklarni tashish vaqti va narxini sezilarli darajada kamaytiradi”, — deb yozadi muallif.

    Maqolada mazkur temir yoʻl strategik ahamiyatga ega loyiha boʻlib, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun Pokistonning Hind okeanidagi portlariga chiqish imkoniyatini taqdim etishi hamda Markaziy Osiyo mintaqasining tranzit salohiyatini sezilarli darajada oshirishi qayd etilgan.