Transformatsiya va tejamkorlik bo‘yicha vazifalar belgilandi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni elektr energetikasi sohasini transformatsiya qilish, hududlardagi elektr tarmoqlari boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

    Bu sohani hayot talabiga mos ravishda rivojlantirish choralari koʻrilmoqda. Elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash jarayonlari alohida kompaniyalarga ajratilib, investitsiya uchun imkoniyatlar yaratildi. Oxirgi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishga 4 milliard 300 million dollar investitsiya kirib keldi, 5,7 gigavatt yangi quvvatlar yaratildi.

    Tarmoqdagi 4 ta korxona – “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatlari xalqaro kredit reytingini olishga erishdi. Endigi qadam – transformatsiya orqali raqobatbardosh kompaniyalarga aylanish. Bu elektrni isteʼmolchilarga kafolatli yetkazib berish uchun ham, investitsiyalarni mustaqil jalb etish uchun ham asosiy omil.

    Yigʻilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Har bir energetika korxonasining birinchi galdagi vazifasi tannarxni kamaytirish ekani taʼkidlandi. Bunga loyihalarni maqbullashtirish, yoʻqotishlarni kamaytirish va xaridlarni takomillashtirish orqali erishish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

    Taqsimlash tarmoqlarini xususiy sheriklik asosida investorlarga berib, ularni modernizatsiya qilishga 4 milliard dollar investitsiya jalb qilish mumkin. Shu maqsadda kelgusi yilda Samarqand, Jizzax va Sirdaryodagi tarmoqlar boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb etish rejalashtirilmoqda.

    Oʻtgan yili qabul qilingan energetikada raqobat bozorini tashkil etish konsepsiyasi doirasida tarmoq korxonalari transformatsiyasini tezlashtirish, ularda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Kelgusi yil energetika korxonalari uchun tejamkorlik va samaradorlik yili boʻlishi qatʼiy belgilandi. Tarmoq kompaniyalarini quyi boʻgʻingacha transformatsiya qilish va raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.

    Mutasaddilar ushbu korxonalarda xarajatlarni samarali boshqarish boʻyicha rejalarini bayon qildi.