Iqtisodiyot rivojlanib, hayot surʼati tezlashgani sari transport aloqalariga talab ham oshaveradi. Toshkent shahriga avia yoʻlovchilar oqimi 2030-yilda 15 millionga yetishi kutilmoqda. Lekin bunga hozirgi aeroportning quvvati yetmaydi. Shahar ichida joylashgani sababli uni kengaytirish imkoni ham yoʻq.

Shu bois Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurish rejalashtirilgan. Bugungi kunda xususiy sheriklik boʻyicha xorijiy kompaniyalar takliflari koʻrib chiqilmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar ushbu yirik loyihaning barcha jihatlari boʻyicha axborot berdi.

Soʻnggi yillarda yoʻl xoʻjaligiga ham katta mablagʻ ajratilib, yangi inshootlar barpo etilmoqda. Avtotransportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida muqobil yoʻllar qurilishi ham loyihalashtirilmoqda. Bu borada investorlarga jozibador muhit yaratish uchun “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Shularga asoslanib, Toshkent bilan Samarqand oʻrtasida muqobil tezyurar yoʻl qurish loyihasiga bir necha hamkor davlatlar kompaniyalari qiziqish bildirgan.

Mutasaddilar ular bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijalari va takliflari haqida hisobot berdi.

Davlatimiz rahbari ushbu strategik infratuzilmalarni puxta oʻylab loyihalashtirish va tezroq amaliy bosqichga oʻtish zarurligini taʼkidladi.