Transport tashkilotlari masʼuliyatdan xoli boʻlmaydi

    Transport 2 Mart 2021 590

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalari ishchi guruhlari bir qator qonun loyihalarini takomillashtirish ustida faol ish olib borishmoqda.

    Xususan, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi ishchi guruhi aʼzolari “Transport toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda maromiga yetkazishda qoʻmitalar, fraksiyalar takliflarini oʻrganishmoqda.

    Taʼkidlash joiz, qonun loyihasining maqsadi — avtomobil, havo, suv va temir yoʻl va shahar yoʻlovchi transporti faoliyati va hamkorligining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilashdan iborat. Unda Transport vazirligining birinchi navbatdagi vazifalaridan biri sifatida yagona transport tarmogʻiga integratsiyalash va yangi samarali transport-logistika tizimlaridan foydalanish asosida transportning barcha turlarini uygʻunlikda rivojlantirishga yoʻnaltirilgan yagona davlat transport siyosati ishlab chiqish nazarda tutilgan.

    Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi aʼzosi Farhod Zayniyevning qayd etishicha, bugungi kunda qonun loyihasi deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar, fikr-mulohazalar asosida pishiq-puxta holatga keltirilmoqda. Ayrim havolaki normalar chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritilyapti. Xususan, qonun loyihasiga umumiy oʻnga yaqin toʻldirishlar kiritildi. Loyihaning asosiy tushunchalarga oid moddasi qaytadan koʻrib chiqildi hamda aralash tashish tushunchasi Fuqarolik kodeksiga muvofiqlashtirildi.

    Bundan tashqari, qonunning predmeti boʻlmagan va boshqa qonunlar bilan tartibga solinadigan normalar chiqarib tashlandi. Loyihaning 29-moddasi transport tashkilotlarining jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulki xavfsizligini, transport infratuzilmasi obyektlaridan foydalanish xavfsizligini taʼminlashi shartligi toʻgʻrisidagi qism bilan toʻldirildi.

    Transport infratuzilmasi obyektlariga yoʻlovchilar, yuk joʻnatuvchilar, yuk qabul qiluvchilar, tashuvchilar va transport jarayonining boshqa ishtirokchilariga xizmat koʻrsatish, shuningdek, transport vositalarining ishlashini taʼminlash uchun moʻljallangan tuzilmalar, ishlab chiqarish va texnologik komplekslar kiradi. Qonun loyihasi bilan kiritilayotgan cheklovlar ishlarning real holatini hisobga olmasligi va foydalanilmayotgan binolar ijaraga berilishini taqiqlagani sababli tadbirkorlik subyektlari huquqlari buzilishiga olib kelishi mumkin. Shu munosabat bilan qonun loyihasida transport infratuzilmasi obyektlarining ishlashi va xavfsizligi taʼminlanishiga toʻsqinlik qiladigan iqtisodiy va boshqa faoliyatni amalga oshirishga hamda transport xizmatlarini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmasligi yangi tahrirda bayon qilinmoqda.

    Kelgusida mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirishga, respublikaning transport sohasida investitsiyaviy jozibadorligi va eksport salohiyatini oshirishga, transport kommunikatsiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat koʻrsatishini, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga xizmat qiladi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining Transport kodeksini ishlab chiqilishiga platforma yaratiladi.