Transport vositalari yordamida qancha yuk tashilgan?

    2017-2022-yillar oraligʻida Oʻzbekistonda transport turlari yuk aylanmasida roʻy bergan oʻzgarishlar tahlil qilindi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan tahlil mazkur davr mobaynida mamlakatimizda yuk tashish aylanmasida sezilarli oʻsish boʻlganligini koʻrsatdi. Barcha transport turlarida umumiy yuk aylanmasi 2017-yildagi 66,9 milliard t-km.dan 2022-yilda 75,2 milliard t-km.ga oshdi.

    Xususan, 2017-2022-yillarda temir yoʻl transportida tashilgan yuk aylanmasi 22,9 milliard t-km.dan 24,9 milliard t-km.ga oshgan. Avtomobil transportining hissasiga toʻgʻri keluvchi yuk aylanmasi qariyb 1,5 barobar oshgan. Agar tahlil qilinayotgan davr boshida mazkur koʻrsatkich 13,6 milliard t-km.ni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilga kelib 20,2 milliard t-km.ga yetdi.

    2017-2022-yillarda havo transportining yuk aylanmasi 2 barobarga, yaʼni 156,9 million t-km.dan 322,7 million t-km.gacha oshdi.

    Transport xizmatlari bozori va infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida bir qator tadbirlar belgilangan. Jumladan:

    - hududlarda yuklar shakllanishining asosiy nuqtalarini hisobga olgan holda transport-logistika markazlari tarmogʻini tashkil etish;

    - xalqaro yuk tashuvlaridagi transport hujjatlarini (“e-Permit”, “e-TIR”, “e-CMR” ) elektron koʻrinishga bosqichma-bosqich oʻtkazish;

    - mavjud konteyner terminallarini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish;

    - temir yoʻlda konteyner tashish ulushini kamida 2 barobar oshirish rejalashtirilgan.

    Umuman aytganda, yuk aylanmasining barqaror oʻsishi transport infratuzilmasini rivojlantirish va tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish natijasidir. Kelgusida yuk aylanmasini yanada oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar zamirida raqamlashtirish, infratuzilmalarni modernizatsiya qilish va tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish yotadi.