Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tahliliga koʻra, dunyo boʻylab 5 milliard odam ushbu yogʻlarning zararli taʼsiridan himoyalanmagan. Bu yurak xastaliklari va oʻlim xavfini oshiradi.
Shu singari taomlarni tayyorlashda ishlatiladigan transyogʻlar har yili sayyoramiz boʻyicha 300 mingga yaqin kishining oʻlimiga sabab boʻlmoqda.
— Transyogʻlar — organizm uchun foydali yogʻlarga qaraganda arzonroq va qator kimyoviy va fizik xususiyatlarga ega, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Nizom Ermatov. — Masalan, xona haroratida qattiq holatda saqlanib qoladi, shu sabab ularni turli xil qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlariga qoʻshish qulay.
Ular sanoat usulida ishlov berilgan yoki tabiiy toʻyinmagan yogʻ kislotasi hisoblanadi. Bu mahsulot margarin, oʻsimlik yogʻlari, qovurilgan taom va pishiriqlar, xususan, krakerlar, pechenye va piroglarda mavjud. Shuningdek, kavsh qaytaruvchi hayvonlar goʻshti va sutida tabiiy holda uchraydi. Ammo har ikki turdagisi ham sogʻlik uchun zararli.
Yogʻlar hujayra membranalari va boshqa biologik strukturalarning hosil boʻlishi uchun “qurilish materiali” vazifasini oʻtaydi. Agar ular sunʼiy sintezlangan trans shaklga ega boʻlsa, organizmda moddalar almashinuvi jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Xususan, tanada zararli xolesterin miqdorini oshiradi, yaʼni past zichlikdagi lipoproteinlar qon tomirlari devorida tiqin hosil qilib, ularni toraytiradi. Natijada organizmda qon aylanishi va hayotiy muhim organlarni qon bilan taʼminlash jarayoni izdan chiqadi. Oqibatda infarkt, insult va oʻpka arteriyasi tromboemboliyasi kabi turli xavfli kasalliklar kelib chiqishi mumkin.
Shuningdek, transyogʻlar yalligʻlanish jarayonlarini tezlashtirb, qandli diabet va onkologik xastaliklar rivojlanish xavfini ham oshiradi.
Shu sababli JSST ushbu turdagi yogʻlarni taqiqlash yoki uni kunlik energiya miqdorining 1 foizigacha kamaytirishni tavsiya qilinmoqda. Yaʼni, kunlik ratsionda 2000 kaloriya boʻlsa, transyogʻlar ulushi 2,2 grammga toʻgʻri kelishi lozim. Lekin bugun ayrim yeguliklar tarkibida bu turdagi yogʻlar miqdori kunlik normadan 200 baravar ortiqni tashkil qilmoqda.