Tugʻruqxonada chaqalogʻi bilan vafot etgan homilador ayol bilan kechgan voqea tafsilotlari maʼlum qilindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi tugʻuruqxonada homilador ayol chaqalogʻi bilan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati munosabat bildirdi.

    Aniqlanishicha, 2023-yil 14-iyul soat 06:45 da Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasining tugʻuruq boʻlimiga Oʻrtachirchiq tumani “Gulobod” MFY da yashovchi 1993-yil 28-fevralda tugʻilgan fuqaro M.D. murojaat qilgan.

    Bemor muassasaga olib kelinganida ahvoli oʻta ogʻir, terisi rangpar, sovuq ter bosgan, arterial qon bosimi 70/40 mm simob ustuniga teng, tana harorati 39,5 daraja, tananing shilliq qavatlari koʻkimtir rangda, karaxt va savollarga aniq javob bera olmaydigan holatda boʻlgan.

    Qabul vaqtida unga “Homiladorlik-2”, 38 hafta tugʻuruq, sepsis. I-II darajali septik shok” dastlabki tashxisi qoʻyilib, zudlik bilan reanimatsiya boʻlimiga yotqizildi. Shundan soʻng navbatchi brigada akusher-ginekologlari hamda anesteziolog-reanimatolog tomonidan barcha zarur reanimatsion muolajalar amalga oshirishga kirishildi.

    Dastlab ikki tomonlama periferik vena, keyinchalik markaziy vena kateterlanib, markaziy venoz bosim past boʻlganligi uchun shokka qarshi, yurak-qon tomir, nafas olish tizimini qoʻllab-quvvatlovchi tezkor chora-tadbirlar oʻtkazildi.

    Shuningdek, bemor oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasiga oʻtkazilgan. Biroq markaziy vena orqali bajarilgan massiv infuzion muolajalar va jadal reanimatsion terapiyaga qaramay, uning gemodinamikasi tiklanmagan.

    Oqibatda 2023-yil 14-iyul soat 07:30 da bemorda klinik oʻlim holati qayd etildi. Navbatchi anesteziolog-reanimatolog shifokorlar tomonidan yurak-oʻpka reanimatsiyasi 40 daqiqa davomida olib borildi, lekin yurak faoliyati tiklanmadi. Oqibatda soat 08:10 da bemorda biologik oʻlim kuzatildi.

    Ushbu holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.