Holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 2023-yil 14-iyul soat 06:45 da Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasining tugʻuruq boʻlimiga Oʻrtachirchiq tumani “Gulobod” MFY da yashovchi 1993-yil 28-fevralda tugʻilgan fuqaro M.D. murojaat qilgan.

Bemor muassasaga olib kelinganida ahvoli oʻta ogʻir, terisi rangpar, sovuq ter bosgan, arterial qon bosimi 70/40 mm simob ustuniga teng, tana harorati 39,5 daraja, tananing shilliq qavatlari koʻkimtir rangda, karaxt va savollarga aniq javob bera olmaydigan holatda boʻlgan.

Qabul vaqtida unga  “Homiladorlik-2”, 38 hafta tugʻuruq, sepsis. I-II darajali septik shok” dastlabki tashxisi qoʻyilib, zudlik bilan reanimatsiya boʻlimiga yotqizildi. Shundan soʻng navbatchi brigada akusher-ginekologlari hamda anesteziolog-reanimatolog tomonidan barcha zarur reanimatsion muolajalar amalga oshirishga kirishildi.

Dastlab ikki tomonlama periferik vena, keyinchalik markaziy  vena kateterlanib, markaziy venoz bosim past boʻlganligi uchun shokka qarshi, yurak-qon tomir, nafas olish tizimini qoʻllab-quvvatlovchi tezkor chora-tadbirlar oʻtkazildi.

Shuningdek, bemor oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasiga oʻtkazilgan. Biroq markaziy vena orqali bajarilgan massiv infuzion muolajalar va jadal reanimatsion terapiyaga qaramay, uning gemodinamikasi tiklanmagan.

Oqibatda 2023-yil 14-iyul soat 07:30 da bemorda klinik oʻlim holati qayd etildi. Navbatchi anesteziolog-reanimatolog shifokorlar tomonidan yurak-oʻpka reanimatsiyasi 40 daqiqa davomida olib borildi, lekin  yurak faoliyati tiklanmadi. Oqibatda soat 08:10 da bemorda biologik oʻlim kuzatildi.

Ushbu holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.