Eng avvalo, oʻrtacha umr koʻrish darajasini 78 yoshga yetkazish uchun birlamchi tibbiy xizmatlarning aholi uchun qulayligi va sifatini oshirish zarur.
Xususan, 2025-yilda birlamchi boʻgʻinda 3 million 700 ming nafar ayolni skriningdan oʻtkazish, bu jarayonni raqamlashtirish orqali saraton kasalini erta aniqlash koʻrsatkichini 85 foizga yetkazish mumkinligi taʼkidlandi.
Hukumat mahallalardagi 18 mingta tibbiyot brigadalarini oʻqitish, 884 ming nafar bemorni uy sharoitida reabilitatsiya bilan qamrab olish boʻyicha yangi tizimni joriy etadi. Shu bilan birga tugʻruqxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 100 million dollar yoʻnaltiriladi.
Davlat tibbiy sugʻurtasi va aholiga “kafolatlangan paket” asosida tibbiy yordam koʻrsatish tizimi kelgusi uch yilda barcha shahar, tuman va qishloqlar qamrab olinishi zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi, toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish kabi masalalar boʻyicha Hukumat alohida dasturlar ishlab chiqishi lozim.