Tadbirda oʻzaro hamkorlikning joriy holati va istiqbolli yoʻnalishlari, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda aviatsiya va koinot sohasidagi aloqalar faollashgani, xususan, Tuluza shahrida joylashgan aviakoinot sohasidagi “Airbus”, “Thales” kabi yirik kompaniyalar va Fransiya fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan samarali munosabatlar oʻrnatilgani taʼkidlandi.
Oʻzbekistonlik tadbirkorlarda Tuluza bilan iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash, madaniyat va turizm sohalarida aloqalarni yana-da kengaytirishga qiziqish kattaligi maʼlum qilindi.
Shahar vakillari ham Oʻzbekiston bilan sermahsul aloqalar oʻrnatishdan manfaatdor ekanini maʼlum qildi. Joriy yil mart oyida Tuluza shahrining qator ishbilarmon, akademik va madaniy guruhlari ishtirokida elchixonada “davra suhbati” tashkil etilgani ushbu fikrni tasdiqlaydi.
Mintaqalararo munosabatlarga ramziy maʼno berish maqsadida Tuluza shahrida “Oʻzbek bogʻi”ni yaratish taklifi ilgari surildi. “Oʻzbek bogʻi”da dastlab mamlakatimizdan olib kelinadigan daraxt koʻchatlari, keyinchalik esa uning hududida buyuk oʻzbek allomalari haykallarini oʻrnatish taklifi bildirildi.