Ushbu qonun loyihasi bilan aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilishning asosiy prinsiplari, atrof tabiiy muhitga shovqin orqali zararli taʼsir koʻrsatganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari, aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish sohasidagi davlat organlarining vakolatlari belgilab qoʻyilmoqda.
Shuningdek, davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish sohasidagi vazifa va funksiyalari hamda javobgarlik sohalarining aniq chegaralari belgilab qoʻyilmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi esa aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish sohasidagi vakolatli organ sifatida belgilanmoqda.
Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qatʼiy roʻyxati ham tasdiqlanmoqda. Shuningdek, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqtlar oraligʻi belgilanmoqda.
Yaʼni, tungi vaqtda — sutkaning soat 23:00 dan 06:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida, shuningdek dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha vaqt oraligʻida — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.