Keyingi kunlarda yurtimizda, xususan, Samarqand viloyati hududida ham anomal issiq va quruq havo oqimi hukm surmoqda. Jazirama issiqdan nafaqat fuqarolarimiz balki qishloq xoʻjaligi ekinlari, yaʼni gʻoʻzani ham asrash yuzasidan qator agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish lozim boʻladi.

Shu maqsadda “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida jazirama issiq kunlarda gʻoʻzani asosan tunda sharbat usulida sugʻorish, suvni qarovsiz qoldirmaslik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, gʻoʻza maydonlarida tuproq namligini 80 foizda ushlab turish singari dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

– Gʻoʻza rivojlanishdan toʻxtab qolishining oldini olish yuzasidan anomal issiq kunlarda tunda suspenziya orqali ishlov berish, namlikni ushlab turish uchun gʻoʻza sugʻorilgandan soʻng, yer yetilgach zudlik bilan kultivatsiya ishlarini bajarish hosildorlik oshishiga xizmat qiladi, – deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi katta inspektori Bektosh Rahmonqulov. – Shu maqsadda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan suvchilarni rezina etik, maxsus kiyim-bosh hamda tungi yoritish uskunalari (fonarlar) bilan taʼminlash, har bir paxta maydoni boshida “Dala uylari”ning ahvoli alohida nazoratga olindi. Xususan, 2021-yilning iyun oyi davomida gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlar ijrosi yuzasidan jami 196 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, 43 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida, qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlariga 14 ta yozma koʻrsatma, 153 ta ogohlantirish berildi, 10 ta maʼmuriy qaror qabul qilinib, 19 ta holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza etuvchi idoralarga taqdim etildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 2021-yil hosili uchun Samarqand viloyatida 75 ming 356 gektar yer maydonida gʻoʻza parvarishlanmoqda. Monitoring natijalariga koʻra, ayni kunlarda 45 ming 588 gektar yerdagi gʻoʻza nihollarida 1-2 ta koʻsak, 27 ming 077 gektar yerdagi gʻoʻzada 3-4 tadan koʻsak mavjud. Bir kunda 3 ming 208 gektar yer maydonidagi gʻoʻza sugʻorilmoqda, deya xabar beradi Agroinspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.