Narpay tumani Oqoltin MFYda hududidan oʻtuvchi “Toshkent- Nukus” M-37 avtomobil yoʻlining 96 kilometrida “Tacuma” rusumli avtomashinasi “Toshkent- Nukus” yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib borib, yoʻlni ajratib turuvchi oʻrtadagi beton toʻsiqqa urilishi natijasida yoʻl transport hodisasi sodir etilgan.
Natijada, “Tacuma” avtomashinasining 42 yoshli haydovchi va 26 yoshli yoʻlovchisi voqea joyida, boshqa bir 37 yoshli yoʻlovchi esa olgan tan jarohatlari oqibatida tuman tibbiyot birlashmasida koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.
Shuningdek, avtomashinada boʻlgan yana 41 yoshli yoʻlovchi va uning ukasi turli xildagi tan jarohatlari olib tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Narpay tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar oʻlimiga sabab boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat ishi shu kunning oʻzida viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi IIV huzuridagi Tergov departamenti.