“Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning xalqaro standartlariga asoslangan yangi tizimdir.

“Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi boʻyicha turizm obyektlarini sertifikatlashtirishni “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK amalga oshiradi.

Xavfsiz turistik xizmatlar koʻrsatish boʻyicha sertifikatlashtirish ikki bosqichdan iborat boʻlib, birinchidan tashkilotning oʻrta yoki yuqori boʻgʻinidagi boshqaruv xodimlari xavfsiz xizmatlar koʻrsatish boʻyicha oʻquv kursida oʻqishi va testdan oʻtishi kerak, soʻng Oʻz DSt 37.001 “Turistik industriya obyektlarida xavfsiz turistik xizmatlar koʻrsatishga doir tavsiyalar” davlat standartiga muvofiq sertifikatlashtirishga ariza berishi lozim boʻladi.

Taʼlim olish va sertifikatlashtirishdan oʻtish onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Sertifikatlashtirishning ijobiy natijalariga koʻra obyektlarga sertifikat va “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” maxsus tanitish belgisi beriladi. Keyin obyekt safetravel.uz saytida Xavfsiz obyektlar reyestriga kiritiladi.

Sertifikatlashtirish uchun toʻlov 2 bazaviy hisoblash miqdorini qiymatida. Sertifikatni amal qilish muddati roʻyxatga olingan kundan boshlab 12 oyni tashkil etadi. Ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan tushgan pul mablagʻlari Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi. Oʻquv mashgʻulotlari uchun toʻlov undirilmaydi.

Xavfsiz obyektlar reyestriga kiritilishini istovchi turistik industriya obyektlari safetravel.uz saytida “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” (“Oʻzbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) tizimi boʻyicha sertifikatlashtirishdan oʻtish uchun ariza berishlari mumkin.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yil 19-iyundagi 4755-sonli Prezident Qaroriga muvofiq xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi obyektlarda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi majburiy tartibda joriy etilishi belgilangan boʻlib, ushbu tizim boʻyicha sertifikatlashtirishdan oʻtmagan turizm obyektlari tashkilotlarining mansabdor shaxslari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi koʻrsatib oʻtilgan.