Лого Лого-пв-уз

    Turizm qo‘mitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga munosabat bildirdi

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi direktori D.Samandarovaning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgani haqida xabar bergan, bu bo‘yicha qo‘mitaga taqdimnoma kiritilganini bildirgan edi.

    Holat yuzasidan Turizm qo‘mitasi munosabat bildirdi.

    Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan joriy yilning 20-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan kelib tushgan taqdimnomaga binoan, Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUK direktori D. Samandarovaning “Avtoimkon Trade” MCHJ ta’sischiligidagi faoliyatini tugatish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmaslik va kelgusida shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasman ogohlantirish o‘tkazish va tushuntirish ishlari olib borish choralarini ko‘rish so‘ralgan.

    Yuqorida keltirilgan taqdimnomaga binoan Qo‘mitaning ishchi guruhi tuzilib, xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

    Qo‘mita ushbu holatni alohida nazoratga olganini hamda tekshiruv natijasi yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga belgilangan muddatlarda axborot taqdim etilishini ma’lum qilgan.