Turizm qoʻmitasidan umra ziyorati bilan shugʻullanuvchi 40ga yaqin turoperator faoliyatini toʻxtatib turish soʻraldi

    Transport prokuraturasi turizm faoliyatini amalga oshirish bilan shugʻullanuvchi bir nechta subyektlarining faoliyatini toʻxtatishni soʻrab Turizm qoʻmitasiga xat yoʻlladi.

    Transport prokuraturasi Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boʻlimi tomonidan turizm faoliyatini amalga oshirish bilan shugʻullanuvchi bir nechta subyektlarining faoliyatini toʻxtatib turish boʻyicha Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyevga xat yoʻllagan.

    Xatda aytilishicha, nomlari keltirilgan (rasmda) turizm faoliyatini amalga oshirish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.

    Jinoyat ishi hujjatlariga koʻra, Panorama Airways MCHJ va yuqorida qayd etilgan turizm faoliyatini amalga oshirish bilan shugʻullanuvchi bir nechta tadbirkorlik subyektlari umra tadbirlari uchun 3 ming 931 nafar Oʻzbekiston fuqarolarining juda koʻp miqdordagi pullarini aldash va ishonchini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan qoʻlga kiritib, ularni Saudiya Arabistonidan Oʻzbekistonga qaytarishni vaʼda qilgan boʻlsada, Oʻzbekistonga qaytarmagan.

    Hozirda minglab Oʻzbekiston fuqarolari chet elda Oʻzbekistonga qaytish imkoniyatsiz qolib ketganligi bois jinoyat ishi boʻyicha toʻplangan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Panorama Airways MCHJ bilan hamkorlik qilgan, yaʼni yuqorida sanab oʻtilgan turoperatorlarning ushbu sohada faoliyat olib borishga ruxsat beruvchi hujjatining amal qilishini qonunda belgilangan tartibda oʻz faoliyatingiz doirasida toʻxtatib turish masalasini koʻrib chiqishingizni soʻrayman, — degan Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boʻlimi boshligʻi, adliya maslahatchisi A.D.Ibrahimov.