Turizm sohasida malakali kadrlar tayyorlashda Shveysariya tajribasi oʻrganiladi

    Ta'lim 31 Mart 2023 1049

    Ayni kunlarda Madaniyat va turizm vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Shveysariyaning professional taʼlim tizimi bilan tanishish maqsadida xizmat safarida boʻlib turibdi.

    Xizmat safarining birinchi kunida Shveysariya taʼlim, tadqiqot va innovatsiyalar davlat kotibiyati (SERI) hamda Shveysariya professional taʼlim va malaka oshirish federal universitetida (SFUVET) uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Muloqot davomida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar instituti hamda Shveysariya professional taʼlim va malaka oshirish federal universitetining oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama etilib, professional taʼlim tizimi xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Shuningdek, Shveysariyaning taʼlim, tadqiqot va innovatsion ustuvorliklari, professional taʼlim tizimining asosiy elementlari bilan yaqindan tanishildi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston vakillari sogʻliqni saqlash sohasidagi kompaniyalararo kurslarda tibbiyot yoʻnalishidagi professional taʼlim muassasalari oʻquvchilarining amaliyot oʻtash jarayonlari bilan tanishdi.

    “Hotelleriye Suisse” mehmonxonalar uyushmasida tashkil etilgan uchrashuvda esa mehmonxona xoʻjaligida oʻrta boʻgʻin kadrlar bilan birga oliy maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlash tajribasi oʻrganildi. Shu bilan birga, Lozanna shahridagi Turizm va mehmonxona xoʻjaligi (EHL) maktabida Oʻzbekistonda turizm va mehmonxona yoʻnalishida oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlashda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etildi. Xususan, Turizm va mehmonxona xoʻjaligi maktabi rahbariyati maktab taʼlim dasturlarini Oʻzbekiston turizm yoʻnalishidagi professional taʼlim muassasalarida joriy etishga tayyor ekanligini va bu borada tegishli mutaxassislarni jalb etishini taʼkidladi.

    Qayd etish joizki, tashrif davomida Shveysariyadagi umumtaʼlim maktab oʻquvchilari va kattalarni kasbga qiziqtirish boʻyicha amaliy tajribalar bilan tanishish, professional taʼlim tizimida xususiy sektor hamkorligida oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash yuzasidan ilgʻor tajribalarni Oʻzbekistonda tatbiq etish kabi ustuvor vazifalarni muhokama etish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Shveysariyada 15 yoshga toʻlgan va majburiy taʼlimni tugatgan oʻquvchilar kasb oʻrganish yoki oliy taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi. Taʼlim xarajatlari toʻliq davlat tomonidan qoplanadi.

    Professional taʼlim 2 qismdan iborat boʻlib, 2 yil davomida kasbga oʻqitilgan oʻquvchilarga davlat namunasidagi sertifikat yoki 3-4 yil davomida oʻqib kasb egallagan oʻquvchilarga davlat namunasidagi diplom beriladi. Oʻz navbatida yoshlar taʼlim olish uchun oliy taʼlim kollejlarida va akademik taʼlim olish uchun universitetlarda oʻqishni davom ettirish imkoniyatiga ega.

    Shveysariyada professional taʼlimda oʻquvchilar 240 dan ortiq kasbga dual taʼlim shaklida oʻqitiladi. Ushbu koʻrsatkich taʼlim tizimining 91 foizini tashkil etadi.