Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda sportni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021-yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bogʻcha va maktablarni sport jihozlari bilan taʼminlashga 100 milliard soʻm ajratilishi rejalashtirildi. Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda maxsus piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etilyapti. Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb etish orqali 2021-yil davomida qamrov 19 foizdan 25 foizga yetkazilishi belgilab olindi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus filialida 11 748 nafar (5851 nafar kunduzgi, 4283 nafar sirtqi, 1228 nafar maxsus sirtqi, 386 nafar magistr) talabalar taʼlim olyapti. Sport sohasida oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida 2020-yildan boshlab oliy taʼlim muassasalarining “Sport faoliyati” (faoliyat turlari boʻyicha) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil boʻlgan taʼlim dasturlari doirasida kadrlar tayyorlashni amalga oshirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, 2020-2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 1 807 nafar talaba oʻqishni tamomladi. Ulardan 785 nafari bakalavriatning kunduzgi, 432 nafari sirtqi hamda 590 nafari maxsus sirtqi taʼlim shaklini, shuningdek, 128 nafar magistrlar oʻz mutaxassisligi boʻyicha oʻqishni tamomladi. Universitet bitiruvchilarini sport boʻyicha mutaxassislarga talab boʻlgan buyurtmachilar bilan oʻzaro hamkorlik qilgan holda ishga joylashtirish masalasi koʻrib chiqilyapti.
Tadbirda qayd etilganidek, jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali, xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Prezidentimizning 2019-yil 8-maydagi qaroriga muvofiq Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasining filiali tashkil etildi. Ushbu dargohda 206 nafar talaba taʼlim olyapti.
Shu bilan birga, xorijiy ilgʻor tajribaga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasalari bilan yaqindan aloqa oʻrnatish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish maqsadida 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan hamkorlikda qoʻshma jismoniy tarbiya, sport va turizm fakulteti hamda 2020-2021 oʻquv yilidan P.F.Lesgraft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti bilan hamkorlikda qoʻshma jismoniy tarbiya, sport va salomatlik fakultetlari tashkil etildi.
Yigʻilishda Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi, xususan, tizimda malakali kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarida bugungi kunda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgan boʻlsada, mazkur masalalar vazirlik axborotida oʻz aksini topmagani jiddiy eʼtirozlarga sabab boʻldi.
Shu bois, qoʻmita Turizm va sport vazirligining “Sport boʻyicha malakali trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni, shu jumladan professor-oʻqituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirishning dolzarb masalalari toʻgʻrisida”gi axborotini qoniqarsiz deb topib, chuqur tahlillarga asoslangan maʼlumotlar taqdim etishga hamda vazirlikni kelgusida mazkur masala yuzasidan qayta axborot berishga chaqirdi.
Tadbir soʻngida bildirilgan takliflar asosida qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.