— Bugungi kunda respublikamizda 329 ta sport maktabi faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 13 ming nafardan ziyod trenerlar qoʻl ostida 328 mingdan ortiq yoshlar sportning 30 dan ortiq turi boʻyicha muntazam shugʻullanmoqda. Biroq ana shu maktablarning hammasi ham samarali faoliyat koʻrsatmayapti. Aksariyat sport maktablaridan bironta respublika chempioni yetishib chiqmagani ham fikrimizning dalilidir. Holbuki, olimpiya zaxiralari kollejlarida 7 ming nafar bola taʼlim olmoqda. Ularning oʻqishi uchun byudjetdan qancha mablagʻ beriladi. Lekin ularning orasida atigi 70 nafari Olimpiada qatnashchisi boʻlishi – bu albatta qoniqarsizdir, — deya soʻzini davom ettirdi davlatimiz rahbari sport maktablari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida gapirarkan. — Shuning uchun 2021-yildan boshlab har bir sport maktabiga davlat buyurtmasi berish tizimini joriy etish lozim. Bunda sport maktablari tomonidan har yili “sport ustaligiga nomzod”, “sport ustasi”, “xalqaro toifadagi sport ustasi” kabi razryad va unvonlarga ega boʻlgan sportchilarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu tizim orqali sport maktablarining reytingi yuritiladi va ularning faoliyatiga shu asosda baho beriladi".
Shuningdek, Prezidentimiz milliy chempionatlar saviyasi va sportchilarni tayyorlash tizimini yaxshilash vazifasini qoʻydi:
— Sport turlari boʻyicha oʻtkazilayotgan mamlakat chempionatlarining saviyasi tushib ketgan. Eng achinarlisi, bu sohada korrupsiya holatlari koʻzga tashlanmoqda. Masalan, sport musobaqalarining hududiy bosqichlari oʻtkazilmasdan, faqatgina maʼlum bir toifadagi sportchilarni respublika bosqichiga olib kelish odatiy holga aylangan. Shu bois chempionatlarimizda kuchli sportchilar juda kam, raqobat deyarli yoʻq. Sport yoʻnalishidagi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun sohada birinchi navbatda davlat boshqaruvini yana-da takomillashtirish talab etiladi. A.Aripov bir oy muddatda Turizm va sport vazirligining tuzilmasini qayta koʻrib chiqish hamda jamoaviy sport musobaqalarini oʻtkazishni takomillashtirish yuzasidan tegishli qaror loyihasini kiritsin.
Olimpiya zaxirasidagi sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik taʼminotini yaxshilash, bunda ilgʻor xorijiy tajriba bilan birga, ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qoʻllash muhim hisoblanadi. Sportchilarning jismoniy va ruhiy tiklanishiga yordam beradigan, ularning salomatligi va jismoniy qobiliyatiga ijobiy taʼsir etadigan mahalliy oziq-ovqatlar roʻyxati hamda optimal ovqatlanish ratsionlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish lozim. Olimpiya terma jamoalari sportchilarining ruhiy tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratish juda muhim.
Chunki sportchining ruhiy tayyorgarligi, oʻziga ishonchi qanchalik kuchli boʻlsa, albatta, natija ham shuncha yaxshi boʻladi. Shu maqsadda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida sport psixologiyasi va diyetologiyasi boʻlimlarini tashkil etish lozim".
"Oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi jahon musobaqalarining gʻolib va sovrindorlarini hamda ularni ana shu musobaqalarga tayyorlagan murabbiylarni ham ragʻbatlantirishni kengaytiramiz.
Bunda oltin medal sovrindoriga – 3 ming dollar, treneriga – 2 ming dollar, kumush medal sohibiga – 2 ming dollar, treneriga 1 ming dollar, bronza medali uchun – 1 ming dollar, treneriga – 500 dollar miqdorida mukofot puli beriladi.
Bundan tashqari, nufuzli xalqaro chempionatlar gʻoliblarining ustozlari “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi”, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvonlari bilan taqdirlanadi.
Abduhakimov, Ishmetov Milliy olimpiya qoʻmitasi va Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda sportni moliyalashtirish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqib, uni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish yuzasidan taklif kiritsin.
Bunda ushbu jarayonning shaffof boʻlishi hamda sarflangan mablagʻlarning natijadorligiga, iqtidorli sportchilarni tayyorlagan birinchi trenerlarni ham moddiy ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilsin".