Avstraliyadagi aviakompaniyalardan biri Qantas koronavirus pandemiyasi tufayli koʻplab buyurtmalar va sayohat qilish tartiblari oʻzgarayotgan bir vaziyatda oʻzgacha uslubdagi qarorni imzoladi.
Qarorga koʻra, mamlakatdagilar uchun “sirli sayohat” uyushtiriladi. Unda atigi 120 nafar yoʻlovchi ishtirok etadi. Sayohatning sirliligi shundaki, samolyotning qayerga uchishi va qoʻnishini hech kim bilmaydi. Sayohat narxi joyiga qarab 577 dollar (ekonom-klass) va 1233 dollar (biznes klass) etib belgilandi.
Hayotimizga kirib kelganiga bir yildan ortiq muddat boʻlgan koronavirus hamma narsani oʻzgartirib yubordi. Ish joyi va maktabni uyga koʻchirdik, ishga qatnash uslubini oʻzgartirishga koʻnikdik. Endigi sayohatlar ham avvalgilariga oʻxshamaydi. Jamoatdan ajralgan dam olishlar ommaviylashdi. Yashab turgan hududidan tashqari sayohat qilish imkoni toraydi.
Sirli parvozlar Brizben, Melburn va Sidneyda may oyiga qadar amalga oshiriladi va yoʻlovchilar oldindan eʼlon qilinmagan istalgan aeroportga qoʻnadilar.
Kompaniya xodimi Stefan Tallining aytishicha, noyob sayohatga navbatda turganlar talaygina. Bu tadbirni oʻtkazishdan maqsad – turizm sanoatini ragʻbatlantirish.
Kompaniya samolyotning qoʻnishi eʼlon qilinmaguncha yoʻnalishlarni sir tutmoqda.
Chiptalar 10 daqiqadayoq sotilib ketgan. Bu kompaniya tarixidagi eng tez sotilgan parvoz ekanligi taʼkidlanmoqda.