Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasi raisining axborot siyosati masalalari boʼyicha maslahatchisi Lola Rahmonboyeva talabalarni turizm sohasidagi matbuot kotiblari faoliyati bilan tanishtirib, mamlakatimizda turizm sohasida roʼy berayotgan yangiliklar haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, mutaxassis ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanish orqali respublikamizning turistik salohiyatini ilgari surish maqsadida “Ipak yoʼli” turizm xalqaro universiteti, mintaqaviy departamentlar va turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasi oʼrtasida samarali hamkorlik tarmoqlarini kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Ushbu mavzu boʼyicha munozaralar KUN.uz axborot portali Samarqand viloyati boʼyicha bosh muharriri Sh. Shokirjonov tomonidan professional sharhlar bilan boyitildi.
Uchrashuv jamoat tashkilotlari va xorijiy diasporalar bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Mirabbos Mirgʼiyosovning nutqi bilan davom etdi. U oʼz nutqida jamoat tashkilotlari va xorijiy diasporalar bilan hamkorlik qilish orqali Oʼzbekistonning turistik salohiyatini chet elda targʼib qilish boʼlimi tomonidan amalga oshirilayotgan maqsad va vazifalar haqida soʼzlab berdi. Shuningdek, mutaxassis yangi loyihalar borasida olib borilayotgan ishlar toʼgʼrisda maʼlumot bilan oʼrtoqlashdi.
Shuningdek, talabalarga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi “Oʼzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida” gi va 2021-yil 9-fevraldagi “Oʼzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” gi farmonlarida aks ettirilgan mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish tendentsiyalar haqida maʼlumot berildi.
Seminar davomida Oʼzbekistonning turistik brendini ilgari surish boʼyicha talabalarning gʼoya va takliflari tinglandi va muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasining turli sektorlari vakillari “Ipak yoʼli” turizm xalqaro universiteti talabalari bilan muntazam ravishda bu kabi uchrashuvlarni oʼtkazishga tayyor. Bundan tashqari, talabalar bevosita mintaqaviy departamentlar va qoʼmitada ularni qiziqtirgan faoliyat yoʼnalishlari boʼyicha stajirovka oʼtash imkoniyatiga ega boʼladilar.