Ushbu Memorandum xalqaro aloqalarni oʻrnatish, axborot, akademik va ilmiy adabiyotlar almashinuvi, qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish hamda oʻzaro ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish maqsadida tuzilgan.
Bundan tashqari, seminarlar oʻtkazish, ilmiy maqolalar chop etish, kadrlar sohasida tajriba almashish, yosh olimlarning qisqa muddatli amaliyotlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Italiyaning Luiji Vanvitelli universiteti bilan hamkorlik doirasida oʻrta maxsus taʼlim muassasalari oʻquv dasturlari, taʼlim standartlari va turizm sohasidagi mutaxassislarning malaka talablarini oʻrganish rejalashtirilgan.
Memorandum doirasida yaqin kelajakda raqamli turizm sohasida qoʻshma loyihalar, jumladan, “ERASMUS+” loyihalarini amalga oshirish ham koʻzda tutilgan.
Turizmni rivojlantirish instituti va Jan Monne fakulteti oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumini tayyorlash va imzolash jarayoni Oʻzbekiston Respublikasining Italiyadagi faxriy elchisi, janob Vittorio Jiorgi koʻmagida amalga oshirildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: Luiji Vanvitelli Italiyadagi yetakchi universitetlardan biri boʻlib, Kazerta va Neapol shaharlarida joylashgan. 1991-yil oxirida tashkil etilgan ushbu oliy taʼlim muassasasi avval “Federiko II” universiteti tarkibiga kirgan. Universitet Kazerta va Neapol shaharlarining 5ta turli hududlarida joylashgan 8 ta fakultetdan iborat. Jan Monne fakultetida “Turizm” yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Hozirda universitetda 30 ming talaba tahsil oladi.