Sayohat Turizm va Madaniy meros vazirligi tomonidan ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish, shuningdek, mahalliy sayyohlar va turizm subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Loyiha davomida Naqshbandiya tariqatining “Oltin Silsila” halqasidan joy olgan islom ulamolari ziyoratgohlari, ularning ilmiy merosi, islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi toʻgʻrisidagi targʻibot materiallari tayyorlandi.

Ushbu targʻibot materiallari Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi Xoʻja Alouddin Attor, Oltinsoy tumanidagi Xoʻja Muhammad Zohid, Termiz shahridagi Hakim at-Termiziy, Sherobod tumanidagi Abu Iso at-Termiziy ziyoratgohlari, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Xoʻja Muhammad Darvesh, Xoʻja Muhammad Imkanagiy ziyoratgohlari va Shahrisabz shahridagi Oqsaroy majmuasi, Samarqand shahridagi Hazrati Xizr, Shohi Zinda, Registon majmualari va Imom al-Buxoriy, Xoʻja Ubaydulloh Ahror, Imom al-Moturudiy ziyoratgohlari, Buxoro viloyatidagi 7 Pir ziyoratgohlari, Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi va Toshkent viloyatidagi Zangi Ota ziyoratgohlaridan turib tasvirga olindi.

Loyiha doirasida Serdar Tunjer oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida yuzlab turklar Oʻzbekistonga tashrif buyurish istagini bildirgan videolarni ham joylashtirdi.

“Dunyoning turli plyajlarida dam olishingiz mumkin, lekin qalbingizni dam olishi uchun Buxoroga kelishingiz kerak”, — deb yozdi Serdar Tunjer.

Shuningdek, ushbu video materiallarni tayyorlash jarayonida targʻibot guruhi tomonidan hududlardagi mahalliy ulamolar ham jalb etildi. Bundan tashqari, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi diqqatga sazovor joylar toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, sayyohlarni jalb etuvchi videomateriallar tayyorlandi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.