Turk kompaniyasi Oʼzbekistonda koʼp tarmoqli shifoxona qurishni reja qilmoqda

    Investitsiyalar 6 May 2021 783

    Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligida Turkiyaning «Ronesans» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.

    Muloqotda agentlik direktori v.b. Zokir Bozorov, direktor oʼrinbosari Nodir Nuritdinov, boshqarma boshligʼi Barno Numanova hamda agentlik mutaxassisi Islombek Norboboev ishtirok etdi. “Ronesans” kompaniyasidan esa hududiy direktori Jem Oʼzogus, kompaniyaning biznesni rivojlantirish boʼyicha direktori Jem Ishozen hamda kompaniyaning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Murod Bekchanov qatnashdi.

    Uchrashuvda tomonlar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida koʼp tarmoqli shifoxona tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar. “Ronesans” vakillari bu borada Turkiya va Qozogʼistonda muvaffaqiyatli amalga oshirgan loyihalari haqida taqdimot qildilar va shu kabi loyihalarni Oʼzbekistonda ham amalga oshirish tashabbusini bildirdilar. Qayd etilganidek, ayni kunda kompaniya tomonidan Turkiyada qurilgan 1000 dan ziyod yotoq joyiga ega shifoxonalardan biri bemorlar uchun barcha tibbiy xizmatlarni taqdim etmoqda.

    Agentlik rahbariyati turk tomoniga qonunchilikka muvofiq DXSh loyihasini boshlash usullari, keyingi jarayonlar toʼgʼrisida maʼlumot va tavsiyalar berdi. Bu borada ayni paytda Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan shu turdagi loyihalarning holati toʼgʼrisida ham maʼlumot almashdilar. Аgentlik va turk kompaniyasi loyihani amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.