Xususan, 1967-yil Toshkent viloyatida tugʻilgan “U.S.” 1998-yilda Chechenistonda jangovar tayyorgarlikdan oʻtib, 1999-yilning 16-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan qoʻporuvchilik harakatlarida ishtirok etadi va oʻsha yilning mart oyida aylanma yoʻllar orqali xorijga chiqib ketadi.
Shuningdek, “U.S.” iordaniyalik Amir Xattob tomonidan Chechenistonda tashkil etilgan jangarilarni tayyorlash lagerlariga “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkilotining Oʻzbekistondan boʻlgan aʼzolarini joʻnatish bilan ham shugʻullangan.
Taʼkidlash lozimki, “U.S.” 2001-yilning noyabr oyida boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida MDHga aʼzo davlatlardan birining fuqaroligini olib, oʻsha mamlakat hududida yashirinib yurgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida “U.S.” hibsga olindi.
Hozirda unga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.