“Turkistonbank” omonatchilarining mablagʻlari muddatidan avval qaytariladi

    Moliya 21 Noyabr 2022 1551

    Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 7-oktyabrdagi qaroriga asosan “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat bankidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olingan edi.

    Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining 2022-yil 18-noyabrdagi qaroriga asosan “Turkistonbank” omonatchilarining mablagʻlarini muddatidan avval qaytarilishi belgilandi.

    21-noyabrdan boshlab “Turkistonbank” omonatchilari boʻlgan jismoniy shaxslar omonatga joylashtirgan mablagʻlari yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan “Qishloq qurilish bank”ka murojaat etishlari mumkin.

    Shuni qayd etish lozimki, omonatchilar qaytarib olinayotgan pul mablagʻlarini oʻzlari xohlagan tarzda – naqd pul shaklida olishi, bank kartasiga koʻchirishi yoki agent-bank boʻlgan “Qishloq qurilish bank”ka omonatga qoʻyishi mumkin, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali Fuqarolarning omonatlarini qaytarib olish tartibi, manzili va qanaqangi hujjatlar talab etilishi haqida maʼlumotlar berilgan.