Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Investitsiya jamgʻarmasi tashkil etiladi

    Investitsiyalar 13 Yanvar 2023 949

    Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar ayni paytda Turkiy investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish masalasi ustida faol ish olib boryapti.

    Joriy yil 10-11-yanvar kunlari Istanbul shahrida tegishli Bitim loyihasini ishlab chiqish uchun masʼul boʻlgan Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston ekspertlarining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili ishtirok etdi.

    Maʼlumot uchun: Turkiy investitsiya jamgʻarmasi turkiy davlatlar tomonidan tashkil etilgan birinchi va asosiy qoʻshma moliya institutiga aylanadi va Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlarning iqtisodiy salohiyatini, ular oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, jamgʻarma mablagʻlari esa qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.

    Jamgʻarma faoliyati: tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi kabi ustuvor yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha har bir ishtirokchi davlatda hujjat loyihasini kelishish boʻyicha ichki tartib-qoidalarni qisqa muddatlarda yakunlash boʻyicha kelishuvga erishildi va rejalashtirilgan qoʻshma tadbirlar doirasida Bitimni imzolashga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Turkiy investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish 2023-yilga moʻljallangan.