Turkiy tilli davlatlar COVID-19 koronavirusiga qarshi kurashda umumiy yondashuvga ega boʻldi

    Xalqaro hamkorlik 12 Avgust 2020 428

    Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Sogʻliqni saqlash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi qoʻmitasi qoshidagi Sogʻliqni saqlash ilmiy guruhining videokonferensiya shaklidagi ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Vengriya sogʻliqni saqlash sohasining bir guruh vakillari ishtirok etdi.

    Dunyo hamjamiyati iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy hayotiga oʻzining sezilarli taʼsirini koʻrsatib kelayotgan global inqiroz – COVID-19 koronavirusi bugungi kunda yagona maqsad yoʻlida birlashish, sogʻliqni saqlash sohasini isloh qilish va aholi salomatligi yoʻlida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishning xalqaro ahamiyatini yana bir bor koʻrsatib berdi.

    Joriy epidemiologik vaziyatda BMT va uning idoralari, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, SHHT, MDH, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi va xalqaro moliya institutlari kabi tuzilmalar kun tartibida ayni yoʻnalishdagi hamkorlik dolzarb mavzu sifatida koʻrib chiqilyapti.

    Prezidentimiz joriy yil 10-aprelda boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari video-sammitida tajriba almashinuvlarni keng yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkilotga aʼzo davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlarining videokonferensiya shaklidagi muloqotlarini oʻtkazish taklifini ilgari surgan edi.

    Oʻtgan qisqa vaqt davomida ushbu tashabbus doirasida kengashga aʼzo davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlari va sogʻliqni saqlash sohasi vakillarining ekspertlar darajasidagi uchrashuvlari tashkil qilindi.

    Bugungi tadbir esa Turkiy kengashga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar mutaxassislari oʻrtasida maʼlumotlar bazasini yuritish va birgalikdagi kuzatuvni amalga oshirish, epidemiologik vaziyatni tahlil qilishga qaratildi.

    Kun tartibiga muvofiq, Turkiya Sogʻliqni saqlash vazirligi Ilmiy kengash aʼzosi, professor doktor Hakan Turkchaparning “COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda shaxsiy va jamoaviy psixologiyani boshqarish” mavzusidagi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar sogʻliqni saqlash tegishli organ va muassasalarining profilaktika, shuningdek, davolashning yangi usullari, COVID-19 kabi xavfli infeksiyalarga qarshi vaksinalarni ishlab chiqishda oʻzaro hamkorligini tashkil qilish yuzasidan fikr almashdi.

    Videomuloqotda tibbiyot xodimlarining COVID-19 va unga qarshi vaksinalarni ishlab chiqish jarayoni toʻgʻrisida bilimlarni oshirish maqsadida Izmirda oʻtkaziladigan dasturning aniq sanasi, kun tartibi va talablari belgilab olindi.

    Muhim jihatlardan yana biri – Turkiy kengashga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar shifoxonalarida koronavirusdan davolanayotgan bemorlarni davolashda ilgʻor tajriba almashish uchun tibbiyot mutaxassislarining muntazam onlayn treninglarini oʻtkazish sanasi va tegishli maʼlumotlar koʻrib chiqildi.

    Muloqotlar yakunida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun COVID-19 pandemiyasining oqibatlarini yumshatish, epidemiologik monitoring mexanizmlarini yaratish, maʼlumotlar va tibbiy tadqiqotlar natijalari boʻyicha maʼlumot almashinuvlarini davom ettirishga kelishib olindi.