Maʼlumot uchun: Turkiyaning Foydali qazilmalarni tadqiq etish va qidirish Direktorati 1935-yilda geologik tadqiqot tashkiloti sifatida tashkil etilgan. Bosh ofisi Anqarada joylashgan boʻlib, tashkilotning asosiy faoliyati geologik qidiruv xizmatlarini koʻrsatishdir. MTA Oʻzbekistonda 2018-yildan buyon faoliyat yuritib keladi.
Uchrashuvda MTA vakillari Oʻzbekistonda xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Foydali qazilmalarni qidirish sohasida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, sarmoyaviy munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Ikki mamlakat mutaxassislarining hamkorlikdagi faoliyatini kengaytirish, tajriba va texnologiyalar almashish, malakasini oshirish imkoniyatlari ham mavjudligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro munosabatlarning muhokama qilingan yoʻnalishlarida hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida kelishib oldilar.