Uchrashuvni ochar ekan, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari O.Bekarni masʼuliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va kelgusi kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy–gumanitar munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari hamda ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Muloqot chogʻida ikkala tomon ham manfaatdor boʻlgan keng koʻlamli masalalarni hal etishda oʻzaro anglashuvning yuqori darajasi, shuningdek, turli darajalardagi aloqalar faollashgani qayd etildi.
Investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga eʼtibor qaratildi: 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan turk investitsiyalari hajmi qariyb 950 million dollarni, Respublikada turk kapitali ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni esa 1 576 tani tashkil etgani taʼkidlandi. Tomonlar Oʻzbekistonda loyihalarni hayotga tatbiq etishda turk investorlarni jalb qilish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab, Respublikada investitsiya va ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishda turk tadbirkorlariga har tomonlama koʻmak berishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Alohida tartibda Oʻzbekistonda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TICA) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan texnik hamkorlik loyihalari koʻrib chiqildi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmining oʻsishida ijobiy oʻzgarishlar davom etayotgani qayd etildi. Masalan, joriy yilning dastlabki ikki oyida oʻzaro savdo hajmi 27,6 foizga oshdi. Tomonlar savdo sohasida hamkorlikni mustahkamlash va tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 5 milliard dollarga yetkazish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.
Shu nuqtayi nazardan, Imtiyozli savdo boʻyicha bitimni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Uning imzolanishi oʻzaro savdo hajmini jadal surʼatlar bilan oshirish imkonini beradi.
Muloqotda qator ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, joriy yilning aprel oyida Turkiya hukumati va ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish hamda may oyida Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiya yigʻilishini, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forumni tashkil etishning amaliy jihatlariga toʻxtalib oʻtildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Turkiyaning investitsiya muhitini yaxshilash, hududlarni rivojlantirish va erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish samaradorligini oshirish boʻyicha tajribasini mamlakatimizda joriy etish borasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, qurilish, transport va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi yetakchi turk ekspert-maslahatchilarini Oʻzbekistonda ishlashga taklif etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.