Turkiya bilan koʻp qirrali hamkorlik yanada kengaytiriladi

    Joriy yil 3-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Nozimjon Xolmurodov Turkiya Respublikasi poytaxtida boʻlib oʻtgan «Oʻzbekiston-Turkiya strategik munosabatlari – kelajakning kompleks istiqbollari» mavzusiga bagʻishlangan simpoziumda ishtirok etdi.

    Turkiya Milliy kutubxonasida boʻlib oʻtgan yirik tadbirda Turkiya Prezidenti Administratsiyasi vakillari, ikki davlatning vazirlik va idoralar rahbarlari, yetakchi siyosatshunoslari va ekspertlari Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi strategik hamkorlikning koʻlamini kengaytirish masalalarini muhokama etish va konseptual yechimlarni ishlab chiqish maqsadida yigʻildilar.

    Soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik oʻsish dinamikasining yuksak natijalarini qayd etdilar. Xususan, soʻnggi besh yilda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 1,3 barobar, Oʻzbekistonda turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3 barobarga oshib, 1898 taga, Turkiyadan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 10 barobar oshdi.

    Investitsiyaviy hamkorlik ham jadal rivojlanyapti – oʻtgan yil davomida 260 ta yangi oʻzbek-turk qoʻshma korxonasi tashkil etildi va bu Turkiyani Oʻzbekistondagi qoʻshma korxonalar soni boʻyicha boshqa hamkorlar orasida uchinchi oʻringa olib chiqdi. Ikki davlat oʻrtasidagi muntazam aviaqatnovlar soni 2,5 barobarga koʻpayib, haftasiga 90 taga yetdi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan samarali chora-tadbirlar, jumladan, yillik iqtisodiy oʻsish 6 foizga oshirilganligi, inflyatsiya darajasi 9 foizga pasayganligi, JST standartlariga muvofiq «Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar toʻgʻrisida»gi Qonunning yangi tahriri ishlab chiqilganligi, EIZlarda samarali boshqaruv tizimi joriy etilganligi, soliqlar stavkalari va soni pasaytirilganligi, yirik kompaniyalar aksiyalarini xususiylashtirish va IPOga chiqarish boʻyicha yangi keng koʻlamli dastur amalga oshirilayotganligi, Toshkent xalqaro Arbitraj markazi oʻz ishini boshlagani va boshqa koʻrilayotgan choralar qayd etildi.

    Oʻzbekiston tomoni Turkiya hukumati, sarmoyaviy va sanoat doiralari bilan koʻp qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlashga sodiqligini bildirdi. Tadbir ishtirokchilari samarali mehnat qilishga chaqirildi, yangi taklif va loyihalarni hayotga tatbiq etishda har tomonlama yordam berishga tayyorlik ham bildirildi.

    Tadbirda Turkiya tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalarini yuqori baholadi. Bir tomondan Turkiya tajribasi va texnologiyalari hamda ikkinchi tomondan Oʻzbekiston mutaxassislarining malakasi, resurslari, investitsion muhitining afzalliklari simbiozidan kelib chiqqan holda savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ekspertlar fikrlari va aniq takliflar ilgari surildi.

    Simpozium yakunida bildirilgan barcha takliflar birgalikda ishlab chiqish va hayotga joriy qilish uchun qabul qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.