Turkiya bilan koʻpqirrali hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda parlamentlararo munosabatlar faolligi muhimdir

    2024-yil 1-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Jevdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yil sayin mustahkamlanayotgani, shu jumladan, soʻnggi yillarda ikki davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi sabab ushbu munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilib, strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani eʼtirof etildi.

    Oliy darajadagi muloqotlar muntazamlik kasb etyapti. Buning natijasida ikki mamlakat oʻrtasidagi qardoshlik va doʻstlik rishtalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar, turizm, taʼlim va ijtimoiy sohadagi hamkorlik yanada rivojlanib boryapti.

    Muloqot davomida Turkiya tomoni gender tenglik, xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, tartibli mehnat migratsiyasi, oila ishlari va ijtimoiy himoya sohalarida koʻmaklashish, bu borada oʻzaro tajriba almashish va aniq loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

    Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik aloqalari mintaqaviy va xalqaro doirada mustahkamlash, uni yanada jadallashtirish, parlamentlararo guruhlar va parlamentlarning barcha qoʻmitalari oʻrtasida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, bank-moliya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlarni faol davom ettirish muhim ekanligiga toʻxtalib oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Uchrashuv soʻnggida tomonlar ikki mamlakatning koʻp qirrali hamkorligini chuqurlashtirish va kengaytirish yoʻlida oʻzlarining bor tajriba hamda shijoatlarini safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.