Uchrashuvda tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish orqali yuk va yoʻlovchi tashuvlari hajmini oshirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama etishdi.
Oʻzbekiston va Turkiya shaharlari oʻrtasida bajarilayotgan muntazam aviaqatnovlar soni bugungi kunda haftasiga 56 tani tashkil etayotgani, avtomobil transportida yuk tashuvlari sohasida ruxsatnoma blankalarini elektron ayirboshlash E-Permit tizimi ishga tushirilganini tomonlar alohida eʼtirof etdi.
Uchrashuvda transportning barcha turlari orqali yuk va yoʻlovchi tashuvlari hajmini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarning mamlakatlarimiz turli hududlariga tashrif buyurishlari uchun yanada qulay boʻlgan sharoitlarni yaratish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, tomonlar ikki mamlakat aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida navbatdagi uchrashuvni tashkil etish, yangi muqobil transport koridorlarini rivojlantirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.