Turkiya bilan oʻzaro savdo yanada rivojlantiriladi

    Biznes 13 Aprel 2023 1292

    Joriy yil 11-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Xurram Teshabayevning Turkiya Savdo vazirligi va Turk standartlari instituti vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Unda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha navbatdagi kompleks chora-tadbirlar muhokama etildi.

    Muloqot chogʻida ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli munosabatlar va doimiy muloqot tufayli soʻnggi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkiya strategik hamkorligi rivojlanishining ijobiy dinamikasi kuzatilganligi taʼkidlandi.

    Oʻzaro savdoni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi 5 yil ichida bir yarim barobar oshib, 2018-yildagi 2,1 milliard dollardan 2022-yilda 3,2 milliard dollarga yetdi. Tovarlar tarkibini diversifikatsiya qilish choralari koʻrilyapti.

    Shuningdek, savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va kelgusidagi istiqbollari muhokama etildi.

    Sifat infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Turk standartlari instituti (TSE), Turkiya akkreditatsiya agentligi (TÜRKAK) va Turkiya milliy metrologiya instituti (TÜBİTAK UME) bilan hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanyapti. Yuzlab mahalliy ishlab chiqaruvchilarga mahsulotlarni sinovdan oʻtkazish va sertifikatlashda amaliy yordam koʻrsatayotgan “Oʻzbekiston-Turkiya sinov markazi” qoʻshma korxonasining muvaffaqiyatli faoliyati taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi va ikki davlat oʻrtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida faol hamkorlik qilish formati ishlab chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.